Chet el fuqarorlari uchun

Xorijiy fuqarolar O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida hamda, agar qonun hujjatlari yoki O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi. O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymati O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining taklifi asosida O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi. O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga umumiy o‘rta ta’lim ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinadi. Oliy ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.

Xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi. Belgilangan tartibda taqdim etilgan suhbat natijalari O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish yuzasidan qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida tegishli buyruq chiqaradilar. O’zbekiston Respublikasining tayanch doktoranturasi va doktoranturasiga oliy ma’lumotga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin. Doktoranturaga kiruvchi xorijiy fuqarolar O’zbekiston Respublikasida belgilangan talablarga muvofiq tayyorlangan referat yoki e’lon qilingan ishlarining rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxatini taqdim etishlari kerak.

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmanomasiga binoan, belgilangan tartibda xorijiy fuqarolarga vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek ularning vaqtincha yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazishni va uning muddatini uzaytirishni ta’minlaydi. O’qishni tugatgandan keyin xorijiy fuqarolarga ma’lumoti to‘g‘risida belgilangan namunadagi tegishli hujjatlar beriladi. Xorijiy fuqarolar oqish davrida shartnomalar va kontraktlarda nazarda tutilgan hollarda Ozbekiston Respublikasiga oila azolari va boshqa qarindoshlari bilan kelishlari mumkin. O’qish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar. Tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi va mavjudligi aniqlangan taqdirda O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun ruxsat berilmaydigan kasalliklar ro‘yxati O’zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Hujjatlarning ro‘yxati va ularni taqdim etish tartibi

Xorijiy fuqarolar O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tegishli ta’lim muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

·        o‘qishga qabul qilish haqida ariza;

·        o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;

·        referat yoki e’lon qilingan ishlarning rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxati (tayanch doktoranturaga kiruvchilar uchun);

·        sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;

·        milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;

·        4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.

Hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi O’zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomaga muvofiq belgilanadi.

Shartnoma va o‘qish xarajati

Amaldagi tartib asosida har o‘quv yili boshida xorij fuqarolariga ta’lim xizmatini ko‘rsatish baholari belgilab olinadi. Shuni asosida 2023-2024 o‘quv yili uchun chet ellik fuqarolarni o‘qishi va xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha:

·        O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha O’zbekiston Respublika Prezidentining “2020-2021 o‘quv yilida O’zbekiston Respubliksining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O’zbekiston talaba kontrakt summasidan kam bo‘lmagan hamda universitet moddiy-texnik va laboratoriyalar resurslaridan foydalanganishini inobatga olib, xorijiy talabalarning institutda bir yillik o‘qish to‘lov-kontrakt puli bakalavriatning kunduzgi ta’lim uchun 1500 AQSh dollari (MDX davlatlari uchun), boshqa davlatlar uchun 2000 AQSh, sirtqi ta’lim uchun 1250 AQSh dollari, magistraturada 1500 AQSh dollari (MDX davlatlari uchun), boshqa davlatlar uchun 2000 AQSh, doktorantura bosqichida bir yillik tahsil olish kontrakt summasi 2500 AQSh dollari, shu jumladan, mustaqil tadqiqotchilik asosida 1000 AQSh dollari (Markaziy Bankning to‘lov kunidagi kursi bo‘yicha) etib belgilanishi;

·        Xorijning ilg‘or universitetlari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish tegishli yo‘nali, mutaxassislik va ixtisosliklaridagi kontrakt summasiga mos ravishda belgilanishi;

·        Universitetda xalqaro hamkorlik salohiyatini yanada kengaytirish maqsadida universitet ishtirok etadigan xalqaro loyihalar hisobidan 3% miqdorda ustama xarajatlari belgilash;

·         Vazirlar Mahkamasining 4.08.2008 yildagi 169-sonli Qarorining 3-bandiga muvofiq Xorijiy fuqarolarni til kurslarini o‘qitish markazida tahsil oladigan xorijiy fuqarolarning bir yillik to‘lov to‘lov-kontraktini 3000 AQSh dollari yoki 1 oylik to‘lov-kontrakti 250 AQSh dollari etib belgilangan.